Oʻttizmi yo qirq yo yetmish...
Yozish koʻnikmasi doim muhim va dolzarb, deya atashadi doʻstlarimiz. Masalan, yozish koʻnikmamni charxlaganimda birinchi jumlani ham ancha sodda va oʻqilishga qulay holda ifodalashim mumkin edi.
Manakey, yangi 2025-yilni ham boshlab oldik. Oʻttiz yoshni ham qoraladim. 30 yil qanday boʻldi, qanday oʻtti, hammasi muhim. 30 yil hamma qatori goʻdaklik, bolalik, maktab va litsey, hamda Toshkenti azimdagi talabalik bilan nihoyaladik. Umuman olganda, yaxshi, menimcha, oʻzimning nazarimda ancha samarali boʻldi, qaysidir paytda oʻsha on bilan, qaysidir damda oʻtmish yoki kelajak bilan yashadim, oʻyladim, tasavvur qildim. Qaysidir oʻylar, fikrlar, tasavvurlar roʻyobi boʻldi qaysilaridir boʻy koʻrsatmadi yoki boʻyini oʻstirmadim. Na boʻlsada, shuncha payt oʻtdi, ortga qarab bir oʻylash kerak, biroz tin olib. Va qisqa boʻlsada, xulosalar yasash kerakdir balki. Bilmayman. Masalan, yana oʻn yoki qirq yildan soʻng shu jumlalarni oʻqib jilmayarman, balki xotiramni qayta jonlantirarman, har holda 30 yoshimgacha boʻlgan davrlarni eslash hozir osonroq va realroq boʻlsa kerak. Kim bilada yana 40 yildan keyin 30 yoshimgacha boʻlgan davrimga hozirgi kattalar kabi "fantastik" ertaklar yo hikoyalar qoʻshib gapirarman. Shu sabab ayni yilllarda yozib qoldirish sal hayotiyroq boʻlar chamamda.
Oʻzi men bir yaxshi paytda tugʻilganmanda ham yoshni ham yilni sarhisobini birdaniga qilsa boʻladigan sharoitda, kunda tugʻilganman. :))
Yuqoridagi qismni adashmasam, yangi yilda yozgan ekanman, lekin eʻlon qilinmay yoki oxiriga yetkazilmay "Qoralamalar"da saqlanib qolgan ekan.
Mana yana yangi yil arafasi, yil soʻnggi, XXI asrning ham 1/4 qismini yashab oʻtdik.
Endi yangi yilga tayyorgarlik, ortda qolayotgan yilning qisman sarhisobi boshlanadigan palla, men bu jarayonga unchalik churuq kirmaymanku, lekin qisman-qisman bajaraman. Lekin ideal emas va oʻta tartibli ham emas, afsuski.
Bir maqola oʻqib qoldim: Baxt uchun nima zarur?
Maqolada aytilishicha, baxt uchun koʻp narsa kerak emas, balki atrofdagilar bilan uzviylik, ular bilan sogʻlom munosabat siz-u bizni baxtliroq qilar, uzoq va sifatli umr kechirishimizga sababchi boʻlar ekan. Tadqiqotga koʻra, doʻst-u yorlarning koʻpligi emas, balki ular bilan sogʻlom aloqalarning oʻrnatilganligi mihim faktor sanalar ekan.
Oxirgi paytlar kitob oʻqish, sifatli kino koʻrish kabi yaxshi va kichik odatlarimni yoʻqtib qoʻydim. Ancha paytdan beri na sifatli kino koʻrdim, na tayinli kitob oʻqidim. Bu meni xavotirga solishi kerak. Xuddiki, dangasa "Rancho xojasi" dek tutyapman oʻzimni.
Hayot esa, oqmoqda, qaynamoqda, uchmoqda...