Avtouy bilan sayohat qilish
Bugun Ramazon hayiti. Rasmiy "qizil" kun. Men ham shu jumladan dam olyapman. Shu bahona "Sayohatchi vlogerlar"ni bir kuzatib chiqdim. Bir muddat oldin instagramda "Erkin qazaq" nomli er-xotin sayohatchilarning birgalikda avtouy bilan Turkiyaga sayohatni rejalashtirayotganini ko‘rgan edim. Bugun aynan shu juftlikning Youtube kanalidagi ba’zi videolarni ko‘rib chiqdim. Juda qiziq, ochig‘i.
1986-yilda ishlab chiqarilgan Volkswagen Caravelle GL bilan oddiy, kamxarj va butun hayoti davomida yodda qoladigan 10,000 kmdan ortiq masofa bosib, sayohat uyushtirdi. Qoyil qolasan kishi. Va ochig‘i havas qildim.
Ayni kunlarda tur firmalar Turkiyaga 7 kunlik sayohatni bir kishi uchun minimal shartlarda 700$ atrofida taklif qilishmoqda. Bu juftlik esa, taxminan 900$ sarf qilib, 22 kun sayr qilishdi. Yo‘l yurishdi, diqqatga sazovor joylarga borishdi, turk milliy taomlaridan yeyishdi, umuman, tur firmalar taklif qilayotgan sayohatni boshdan o‘tkazishdi. To‘g‘ri, 4 yoki 5 yulduz mehmonxonalarda bo‘lishmadi, gid hamrohlik qilishmadi. Lekin bu kabi avtouy bilan erkin sayohatning ta’siroti boshqacha deb o‘ylayman, ayniqsa, eng yaqin insoning bilan.
"Erkin Qazaq" avtouy bilan sayohat qilishga meni ham qiziqtirib qo‘ydi. Videolarini ko‘rish davomida bir qancha boshqa shu kabi avtouy orqali sayohat qiladiganlarning ham videolarini ko‘rib chiqdim, asosan, avtouyni qayta ta’mirlash va qanday rusumlar mashinalardan foydalanish haqidagilarni. Ko‘rganlarimning ko‘pchiligi avtouy sayohatlarini aynan Volkswagenning turli rusumlari yordamida uyushtirishar ekan. Balki nemis mashinalarini aynan chidamliligi uchun ko‘proq foydalanishar.
Sayohat qiziq, ayniqsa, minimal xarajatlar bilan qilinadigan sayohatlar nima uchundir menga xush yoqadi (Lekin haligacha chet elga sayohat qilmaganman). Ayniqsa, Temurlan Mukashev ismli vloger juda manzur kelgan. U avtouysiz sayohat qiladi, lekin tur firmalardan foydalanmay, poyezd, loukoster, avtobus yoki avtostop bilan sayohat qiladi. Borgan davlatida ham eng minimal tarzda hayot kechiradi, oddiy bozorlarni aylanadi, parklarni sayr qiladi, oddiy ko‘chalar va hatto qabristonlarni kezadi. Pokistonga qilgan sayohatida olgan videosi ham qiziq.
Aynan shu bola orqali sayohat qilishga qiziqqanman. U ham ishidan ta'til vaqtlari sayr qiladi. Sayohatni ham qiziqarli tarzda yoritadi.
O'zbek tilida ham shu kabi video oladigan Shuhrat Voyagerni bilaman. Ba'zida kuzatib boraman.
Aynan shu sayohatchilar orqali menda ham minimal sayohatga qiziqish yil sayin ortib bormoqda, ayniqsa, "Erkin Qazaq"ning avtouyda oilasi bilan qilgan sayohatidan keyin menda ham kelajakda avtouyda oilam bilan sayohat qilish ishtiyoqi paydo bo'ldi. Va bu yo'lda bir qancha bosqichli ishlarni ham miyada "pishitdim". Juda murakkab emas, eng asosiysi, shu vaqtgacha ortga surib kelayotganim, haydovchilik guvohnomasini olish (o'qiganimga 4 yil bo'lgan, imtihon topshirib olish kerak), mashina hadash bo'yicha tajriba orttirish ( ha, mashinaga haydashga qiziqmayman, lekin mana sabab 😊 ), O'zbekiston va chegaradosh respublikalarining yaqin viloyatlari bo'ylab kichik sayohatlar uyushtirib turish, oxirgi vaqtlarda chastotasi kamayib qolgan oilaviy sayrlarni vlog tarzida olishni tashkillashtirish va sayohat uchun pul jamg'arib borish.
Aynan shu yozuvlarimni yozishga ham aynan Muxlisa bilan OʻzEkspoMarkazda "Xotiralar qoldirish" haqidagi "Balki kichik sayrlar yoki uyoq-buyoqqa borgandagi rasmlarni, albom qilib qo'ysak, hech bo'lmaganda oyiga 3-4 ta rasm chiqarib qo'ysak, balki bollarimiz ertaga shuni tomosha qilar, chunki yoshligimizda dadamning yoki oilamizning rasmlarini, umumiy albomni ancha payt tomosha qilganmiz. Hozir telefonda bor-u, lekin ular bugun bor ertaga yo'q bo'lishi mumkin, keyin unda shundoq ham rasmlar saralanmagan bo'ladi", deb avjlangan suhbat, "Erkin Qazaq" oilasining xotira daftari hamda Youtube O'zbekistondagi eng uzun podkast bo'lgan Bek Olimjon va Aziz Rakhimov ishtirokidagi suhbat asosiy rol o'ynadi. (Linklarda timekodlar bor)
Bu rasm biz ko'p boradigan, ko'p xotiralar mavjud "O'zEkspoMarkaz"ning yashil hududi. Uni Afisha poytaxtdagi piknik qilish mumkin bo'lgan kam sonli joylar qatoriga kiritibdi. (Rasmni blogga qo'shimcha effekt bersin deb qo'shdim xolos. 😁)
Idallosi, kelajakda albatta avtouyda oilam bilan olis manzillarga sayohat qilaman va kelgusida ushbu blog, balki boshqa platformalarda "Xotira" sifatida saqlab qo'yaman.