Mansur
September 13, 2024

Ilk qadamlar ...

Kecha Youtube tavsiyasiga koʻra bir video koʻrdim. Hayotni hujjatlashtirish haqida. Shu sohada professional shekilli gʻoya ham kadrlar ham chiroyli, ijod.

Videoda oʻz hayotingizni nega va qanday qilib hujjatlashtirish haqida fikr va tavsiyalar beriladi. Birinchi navbatda eslab, quvnash uchun ajoyib xotiralar, shirin kadrlar jamlanmasi sifatida fikrni ilgari suradi. Bundan tashqari, hobbi sifatida bu amaliyotni tanlash, ijodiy koʻnikmaga, odamning ijodiy qirralarini shakllantirishga juda katta turki boʻladi, degan fikrni bildiradi.

Aytishicha, uning dadasi ham doim oʻzining va oilasining, bolalarining rivojlanish bosqichlarini video va rasmga olib yurgan.

Bu oyda blogni yozishga erinib oʻtirgan edim, shu vaqtgacha yozmadim, lekin juda koʻp vaqt boʻldi, albatta. Oʻzi blog ham aynan shu ayni zamon va makondagi holatni hujjatlashtirish, xotira sifatida saqlash maqsadida yozaman, buni avvalgi postlarimda ham aytib oʻtganman. Lekin doimiy dangasalik sabab, buni yozishga ham odam erinadi bazan.

Oʻzi avvaldan xotira sifatida, shunchaki qiziqish sifatida rasm olishga juda qiziqaman, bilaman, juda zoʻr emas, lekin oʻzim uchunku. Ha aytgancha, singlim Yulduz ham "Dizayn: kompyuter grafikasi va badiiy foto" yoʻnalishidagi "Badiiy foto" fanidagi imtihonlardan mening "ijodimdan" foydalanib, yaxshi baho olib, imtihondan oʻtgan. Agar kuchimga shubha qilsangiz, anaqqisa.

Xoʻsh, avgust!

Avgustda hammasi yaxshi boʻldi, mehmon kutdik, sayr qildik, mehmon boʻldik. Umuman, Ismoil bobodan olingan videodagi holat hozir tasavvur qilish qiyin, lekin oʻsha zamon va makonda mening ham qarindoshlarim, bobo-momolarim, ota-onam va boshqalar ham shunga yaqin sharoitda yashashgan, toʻylar qilishgan. Hozir juda-juda xoʻp zamon, samarador boʻl, mehnat qil, barcha narsa muhayyo. Ismoil bobo ham xususiy mulkchilikni ichki meni bilan xohlayaptilar, jurnalist, yerlar xususiy boʻlgani yaxshimi deb savol bersa, menimcha yaxshi deb, iymanibgina javob beryapti. Qiziq.

Lekin aynan shu xususiy mulkchilikka oʻtish oʻsha davrda ham ayni zamonda ham rivojlanish uchun tirgak boʻlgan va boʻladi, deyishadi iqtisodchi mutaxassislar. Bundan tashqari, bir soha vakillari ham davlat tasarrufidagi ayrim korxonalarning xususiylashib, xalqaro kompaniyalar ham shu zaylda kirib kelishlarini oqlashmoqda, xususan "Humo" toʻlov tizimiga Qozogʻistonning "Kaspi" kompaniyasi qiziqish bildirganligi haqida ichki raqobatchilari shunday fikrda.

Samira bobo va momosi bilan.

"Yangi Oʻzbekiston" bogʻini oilaviy sayr qildik. Bu bogʻ bizga eng yaqinlaridan biri hisoblanadi. Odatda mehmonlar kelsa va sayr qilishga zarurat tugʻilsa, shu bogʻga chopamiz. Daraxtlari ancha kattalashib, odamlar bilan gavjum boʻlib qolibdi. Chamamda, yana bir necha yildan keyin daraxtlari sersoya boʻlgach, soya-salqini oshib, shahardagi eng yashil va toza havoli bogʻ boʻlsa kerak.

Malika, XX, Amirxan, Guljayna ammam, dadam, Rasul, onam, Ulbosin yangam.

Masalan, turmushga chiqib, qozogʻistonga koʻchib ketgan ammamni ham aynan shu bogʻda sayr qildirtirdik. Buncha ramziy-a.

Umuman olganda bogʻlar boʻlgani yaxshi ham ularga boradigan yoʻllarning qulay boʻlishi yana ham yaxshi. Lokomativ bogʻi ham yaqin, baʻzida piyoda borish xohishi tugʻilib qolardi, lekin piyodalar uchun yoʻlaklarning yomonligi, baʻzi hududlarda umuman yoʻqligi uchun piyoda chiqmaganmiz. Mana aynan shu avgust oyida Temur Malik koʻchasi Bogʻishamol chorrahasigacha juda qulay holga keltirildi. Bir kun albatta piyoda chiqamiz, Samira bilan.

Qurilish juda katta hajmda olib borildi, avtobusda oʻtgan-qaytganda koʻrdik, odamlar va texnikalarning sanogʻi yoʻq edi. Qiziqishga, taʼmirlash ishlari tugamagan holatda, toʻliq yopilgan "Selxoz" chorrahadan Lokomotiv parkka qadar piyoda yurdim, ja taʼmirlash ishlari jadal va zoʻr qilinayotgan edi. Menga yoʻl boʻyidagi daraxtlar taqdiri qiziq edi, chamamda, daratlarni butun qoldirgan holda yoʻlni rejalashtirishgan, ham turli yangi koʻchatlar ekib koʻkalamzorlashtirishgan, qoyil qolmay iloj yoʻq. Oʻzi umuman yoʻllar, yoʻlaklar, bogʻlar ijtimoiy obyektlar muhim, yaqindagina eʼlon qilingan mana bu xabar ham odamni xursand qildi:

“Birorta attraksion ham, restoran ham bo‘lmaydi”. Toshkentdagi sobiq astronomiya bog‘i jamoatchilik parkiga aylantiriladi.

Yaxshida doim ochiq, ortiqcha shovqinlarsiz makon boʻlsa-yu, qayta-qayta sayr qilsang. Hozircha bunday makon sifatida "Toshkentland", "Yapon bogʻi" (pulli va odam koʻp), "Ekspomarkaz" hududlaridan foydalanib kelamiz.

Eslashlaricha, bog‘ ancha o‘rtamiyona bo‘lgan va shaharliklar u yerga asosan cho‘milish uchun borishgan ekan. Ammo 1992-1993-yillarda shimoliy bog‘ hududida biznes markazi, Intercontinental mehmonxonasi va O‘zmilliybank binosi, shuningdek, akvapark va attraksionlar qurish loyihasi boshlangan ekan.

Umuman hozirgi holati ham yomon emas, shu holda rivojlantirilsa ham odamlar tashrif buyurishaveradi. Masalan, bemalol Boʻzsuv kanali boʻylab yurib, bahavo maskanda biror 20 km.ni bosib qoʻyish mumkin. (Bu lokatsiya bizga koʻp tanish,shundaymi Muxlisa?! 😊)

Bu hudud yoki bogʻ bizga yana bir jihatdan yoqimliki, Samira "ilk yurish mashgʻulotlarini" oʻsha yerda kolyaskasiga tayanib, bizni ham mashgʻulotiga qiziqtirib, qiziqishimizni joʻshtirib oʻtkazdi.

Video

Kolyaskaga suyanib yurishiga havasimiz kelib, shu yerning oʻzidan Chorsudagi hunarmandlar bozoriga yoʻl olib, Samira uchun yangi, milliy avtomobil - gʻovgʻaltak xarid qildik. Va avtobusdan tushishi bilanoq Qorasuv yoqasi boʻylab, mashgʻulotlarni yalangoyoq boshlab yubordi (oyoq kiyimni oʻzimiz bilan olmaganimizning sababi, hali bunchalik mashgʻulotga tez kirishib ketadi, deb oʻylamagandik-da).

Samira soʻrgʻichi va milliy yog‘ochdan ishlangan uch g‘ildirakli transport vositasi bilan.

Albatta, bolangning ilk qadamlarini tashlashini, umuman har qanday rivojlanish bosqichini koʻrish, kuzatish ham quvonarli ham zavqli. Baʼzida yurish uchun qayta-qayta urinishlarini koʻrib, yiqilsa ham qayta turishga harakat qilib, yana "tooy-toy" deb qadam bosayotganini koʻrsang, men ham shu bosqichlardan oʻtkanmanda-a, deysan, xuddiki ogʻir, qiyin ishdek tuyiladi.

Bolalar boshqacha, ular qaytmas, ular qiziquvchan. Aynan shu uchun ham ular rivojlanadi! Qayta-qayta urinib, mashgʻulotni oʻzi uchun qiziqarli holga keltirib, davom etishadi, qaytishmaydi.

Shu kabi yorqin xotiralar bilan avgust ham oxiriga yetib qoldi, bayram uchun berilgan 4 kunlik dam olishda hammamiz qishloqqa ketdik, biroz dam olish, qarindoshlarni yoʻqlash, munosabatlarni mustahkamlash uchun.


Baʼzida biror koʻrsatuv, kino koʻraman yoki podkast eshitaman-u, eng yoqqanlari biroz muddat esda qolib, keyin yillar oʻtib, oʻsha koʻrsatuvda aytilgan biror fikr yoki tezisning manbasini topolmay qolaman, shuning uchun oylik Youtube tarixini qarab chiqib, aynan bu oyda qaysi videolar yoqqan va kelgusida bu manbaga ehtiyojim boʻlishi mumkinligini bilsam uni shu yerda yozib qoldirishga qaror qildim. Bu xuddiki Afisha Mediaʼning "Oʻzbekcha Youtube" turkumi kabi.

O‘rmonga aylanayotgan qir - Otabek Nuriddinov Asaka tumani adirligidan 220 gektar yer olib o‘rmonzorga aylantirmoqchi;

67 yoshida ingliz tilidan B2 daraja olgan ustoz - Abdug‘ofur Hotamov TATUning Samarqand filiali oʻqituvchisi;

Ovoz loyihasida tataristonlik qiz Saida - Ravshan Nomozovning Hayol qoʻshigʻi bilan u kishini menga qayta kashf qildirdi. Ajoyib. Oyni Ravshan akaning bir nechta qoʻshiqlarini tinglab oʻtkazdim, desa ham boʻladi.

"Dev bilan pakana", "Abdullajon" montaji va Obid Asomov | Jahongir Qosimov - taniqli o'zbek rejissyori bilan podkast. Jahongir akaning "Dev bilan pakana" filmi menga juda yoqadi, yoshligimda koʻrganman, yaqinda ham qayta koʻrgan edim, ushbu podkastda jurnalist "Suv yoqalab" filmiga ham koʻp toʻxtalib oʻtdi, afsuski uni toʻliq koʻrmagan ekanman, koʻrganman-u, boshdan oxir emas. Ertasi kuniyoq Muxlisa bilan filmni koʻrishga kirishdik. Filmni koʻrib Joʻraqul bobomni ham koʻp esladim, bizni qoʻllab-quvvatlashi, Qorakoʻldan oʻqishdan qaytganimda, keyinchalik Toshkentdan qaytganimda qachon kelishimni bilib, uyga kelib doim kutib turishlarini, hol-ahvol soʻrab, imtihoncha qilishlarini, har bayramda amakivachchasi Baxtiyor togʻam bilan birga hamma qarnishdoshlarini yoʻqlab kirib chiqishlarini, taʼlim atrofida gapirishlarini, umrining oxirgi yillarida xotiralar qoldirishga harakat qilganini koʻp-koʻp esladim, kino koʻnglimni juda-juda boʻshashtirdi. Ana kino!

Odam oʻsha vaqtlari bilmas ekan, bu paytlar, bu onlar gʻanimat ekanligini, afsus. Men hozir ham, bilaman keyin ham bobom bilan koʻp suhbat qilgim keladi. Qaysidir mavzularda fikrlarini soʻragim keladi. Shukrki, yorqin xotiralar bor, eslashga, qadrlashga arzigulik yoʻli bor.

Xabardor.uz ham Epizod nomli turkum videolar qilayotgan ekan, tasodifan psixiatr Muhammaddilshod Tursunov ishtirokidagi videoni koʻrdim. U kishi yotoq bemorlarni yoki vafot etgan odamlarni tashishda oʻzi tashkil qilgan korxonasi orqali xizmat koʻrsatib kelayotgan ekan. Bu suhbatda shu mavzuda ravon holda noodatiy holatlarni batafsil yoritib bergan.

Har doimgidek, sayohatga ixtisos vloglar: На ПАМИР на ЖИГУЛЯХ! Через СРЕДНЮЮ АЗИЮ на ВАЗ 2102: ПЕРЕВАЛ 4655М., ЖАРА, ГОРЫ, ПУСТЫНИ!

Jigulida butun Oʻrta Osiyoni aylanib chiqib, Pomirgacha borishdi-ya azamatlar! Qoyil qolmay iloj yoʻq.

Alisher aka Fayzullayevning professor Abdug'afur Xadjimetov bilan toʻgʻri ovqatlanish mavzusidagi - "Ovqatlanishda meʼyor - Soqʻliq kaliti" suhbatini koʻrdik, bu amal qilish lozim boʻlgan, umuman oʻzim ham biladigan, lekin amal qilish qiyin boʻlgan keyslarga boy.

Va yana quyidagi videolarni ham qiziqish bilan koʻribman: