Sharshara, tugʻilgan kun, Qaynarbuloq va ufq
Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimg‘a kecha tong otguncha uyqu kelmadi.
8 soat mukammal uyqudan keyin yozilayotgan post. :) Shunchaki, ora-sira Navoiyning ushbu misralari tilimda aylanib qoladi va hozir ham shunday bo'lgani sabab, epigraf o'laroq keltirib o'tdim.
Aslida kecha iyul oyining hisobotini qilmoqchi edim, qaybir ma'noda, lekin yozishga imkoniyat ham xohish bo'lmadi. Bir oylik mehnat ta'tilidan so'ng ishni ham boshlab oldik. Mehnat ta'tilida davomida yaxshi xotiralar yaratishga imkon qadar harakat qildik. Sayohatlar, tadbirlar, suhbatlar. Ta'til boshlanishidan sal oldinroq 2x6,5 oshxonani (balkon) qayta ta'mirlashni dadam bilan boshlab yubordik. Qo'limizdan kelgunicha bu missiyani uddaladik. Umuman olganda ta'mirlash ishlari ham agar usullarini, qayerdan, qanday qilib boshlashni bilsang unchalik ham qiyin mashg'ulot emas menga. Albatta professional qurilish haqida emas gap. Havaskor qurilish qilishning eng yomon tomoni nazarimda, sarflanadigan material, qurilish hajmini to'liq rejalashtira olmaslik. Bu kabi xatoliklar bir-ikki marta kuzatildi.
Bu orada qurilishni ham davom etdi, men kursdosh do'stlar bilan Bo'stonliqqa dachaga bordik, shu zayl Nanay qishlog'idagi shiroyli Aksarsoy sharsharasiga piyoda yoki "uzazik"lar bilan chiqish mumkin. Biz "uazik" bilan chiqishga qaror qildik, chunki har xil jismoniy ahvoldagi sheriklar bor edi.Jismoniy va maxsus tayyorgarliksiz 8-10 km bosib o'tish o'tirib ishlaydigan odamlarga albatta qiyinchilik tug'diradi.
Bolalar suratga tushirishibdiyu, bu kabi go'zal chiqmagan ekan, shu sabab Davron akaning blogidan oldim.
Piyoda borganimizda juda zo'r bo'lar edi, lekin uazik bilan ham borib-qaytish juda bir boshqacha taasurot berar ekan. Sharsharaning go'zalligidan bahra oldik, muzdek taftidan rohatlandik. Lekin sharsharaning suvi juda-juda muzdek ekan, bir necha soniya oyoq botirishingiz bilan muzlatib tashlaydi.
Va nihoyat Navoiy sari yuzlandik.
Navoiydagi eng asosiy tadbir - Samiraning 1 yoshi edi.
1 yosh tug'ilgan kuni bilan birgalikda Sardor va Samiraning "Тұсаукесер" marosimi ham o'tkazdik. O'ziga xos an'ana, qiziq. Bu marosim ham zamonaviylashib, qozoqcha milliy kiyimlar, maxsus iplar, yo'laklar bilan o'tkaziladigan holatga kelibdi. Bu albatta odamlarning to'lov imkoniyati bilan bog'liq jarayon, nazarimda.
Tadbirdagi suratlar sifatsiz bo'lgani sabab, keyingi kun qayta kiyintirib, yorug'da tushirilgan rasm. Xuddiki ataylab qilingandek, fotoapparatni "zaryadchigi" qolib ketmasin deb e'tiborli bo'lsam, bu safar batareykasi Toshkentda qolib ketibdi. :)
Tug'ilgan kunlar yoki shu kabi yig'ilishlarga ba'zida ortiqcha xarajat yoki isrof deb qaraladi. Lekin men o'ylaymanki, istalgan shaxs bilan qarindosh urug'lar bilan ham munosabat qurish yoki munosabatni mustahkamlash ham sarmoya talab qiladi. Shu kabi tadbirlar, kichik sovg'alar, suhbatlar, samimiyat, imkon yetguniga qadar ko'maklar orqali mustahkamlanadi. Aytishadiku, mehr ko'zda deb.
Oy oxirlariga kelib, Samarqandning Nurobod tumaniga sihatgohga, umuman olganda dam olishga bordik. O'zi Omonxona yoki boshqa makonga bormoqchi edik, lekin yaqinroq deya shu yerni tanladik. Nurobod ham maydoni keng sanoat va chorvachilikka ixtisoslashgan tuman ekan. Sanoat zonasi sifatida Konimex, Zafarobod kabi uran qazib olinadi.
Shu bilan birga, aytishlaricha, 30 dan ortiq katta va kichik sanatoriyalar bor ekan. Rosttan ham sihatgohlarga chorlovchi turli xil e'lonlar, afishalar bilan to'lgan shaharcha. Biz joylashgan "Qaynarbuloq" sihatgohi ham shaharchaga yaqin hududda joylashgan, ochilganiga 2 yil bo'lgan ekan.
"Qaynarbuloq" haqida gapiradigan bo'lsam, sharoitlari yaxshi, xonalari toza-ozada, xizmat ko'rsatuvchi xodimlar oddiy, muomilani do'ndiradigan, samimiy odamlar. Ayniqsa, xizmat ko'rsatuvchilar juda bir samimiy kishilar. Umuman, o'zi o'zbekistonliklarning eng afzal jihati shu muomila, hurmat, samimiyat bo'lsa kerak. Aynan shu asosga ko'ra, bizda xizmat ko'rsatish sohasiga alohida urg'u berilayotgani bejizga emas. Albatta iqtisodiy nuqai nazardan ham xizmat ko'rsatish sohasining YaIM ulushining oshishiga ijobiy qaraladi. Tibbiyotda ham ko'plab qo'shni respublika fuqarolari o'zbekistonliklarning xizmatlaridan faqatgina xizmatning arzonligi uchun emas, xodimlarning astoyidil, samimiy va sifatli xizmatlari sabab ham foydalanishadi, deb o'ylayman.
Faqat shu xizmatlarda kichik eʼtiborsizlik sabab yoki shunchaki bilmaslik sabab turli qovunlar tushiriladi. Eng asosiy qovunlar atrofimizdagi bannerlarda namoyon boʻladi. Shu kabi holatlarga barham berish maqsadida faollar harakat boshlashibdi.
Mana shu yordam menimcha "Xasan Qassob oshxonasi"ga ham zarur. 😊
Umuman olganda, Nurobodning dasht manzaralari menga juda ham yoqdi. Ayniqsa kun botar vaqti osmonning tasviri juda boshqacha.
Nurobodda damni olib, "Boqiy Samarqand" sari otlandik, izlab-izlab, Yandex orqali topdik, issiq boʻlgani sabab koʻp ham aylanmadi, bitta-bitta marjoniy yeb qaytdik.
Rasmlarga ham tushdik. :) Samarqand osh markazi N1 dan osh yedik. (Menga Samarqand oshi doim yoqqan, tabir joiz boʻlsa, Toshkent va Samarqand oshini yeganimdan soʻng osh nima uchun milliy taomimiz ekanligini anglaganman. 😊)
Shu bilan safarimizni nihoyasiga yetkazdik. Yoz kunida bolalar bilan boshqa joylarga borishni rejalashtirmadik, bu issiqda bolalar tugul, kattalarni ham oftob urishi mumkin, axir.
Yozishni 2-avgust boshlagan boʻlsam, mana 13-avgustda chop qilyapman. Bu vaqtgacha sayqallamadim, shunchaki dangasalik sabab tashlab qoʻydim. Postga avgustdagi hodisalarni ham qoʻshib yubormaslik uchun toʻxtatayin. Shiraz - Sogʻinish qoʻshigʻini ham oʻzini majburlab, kabi soʻzlar bilan tugatadiku (birinchi jumlani toʻgʻri tushungan boʻlsam):
Созимди токтатайын туспей турып,
Атадан мура калган дастанына,
Гарезсиз елим менин аман болсын,
Бахыт кус ози консын басларына.