Xizmatlar bozori, togʻ, ishq
Shakarsiz kolani olamiz. C-Space'ning bakaliga quyamiz. Hamma narsalar, hamyon, telefon va pulni chiqarib sal yengillaymiz. Va yozamiz. Avval hisobotlarni tekshirib chiqamiz. Statistikani, Didoxni, hafsala qilib ijara pullarini va boshqa to'lovlarni o'tkazib qo'yish kerak.
Qurilish ham yakunlanib qoldi. Qurilish. Ha bizdek qurilish ko'rmagan odam uchun 2x6,4 m joyni qayta sozlash ham katta qurilishda endi.
Men ko'rgan qurilishlar yillar davomida sekin-asta bitkazilgan, ba'zilari juda ko'p yillar davom etgan. Anglayapmanki, qurilish ham oson narsamas ekan. Umuman, o'zbekchilikda mashhur ikki xona bir kolidor qurish ham shu kabi osonmas, menimcha.
Qurilishda eng nojo'ya jihati asosiy maqsad qolib, ikkilamchi masalalarga ahamiyat qaratish deb bilaman. Masalan, oshxonani qishda sovuqdan yozda issiqdan himoyalash uchun boshlangan harakat, butun boshli oshxonaning devorlari-yu tomi va mebellarigacha o'zgarib ketdi. Lekin haligacha tashqi qism izolyatsiya qilinmadi, afsuski. Olx'dan qidirib ko'rdim, bu xizmatni ko'rsatadigan odamlar ham juda ko'p ekan, ayrimlari hattoki alpinist ekan. To'g'rida doim ham baland binolarning oynalarini yuvishga ehtiyoj yo'qku, yana ham Toshkentda, kam sonli osmono'par binolari endi-endi ko'payotgan shaharda.
Shu kabi noyob xizmatlar bozorining aynan Olx'dan topilishi ham bir eʼtiborli holat asli. Bu yoʻnalishda ham bir qancha startaplar paydi boʻldi: ustabor, tezservic va hokazo. Lekin aynan shunaqa xizmatlar kerak boʻlganda olx asqatadi, boshqa servislardan umuman foydalanmayman. Masalan, yaqindagina "chugun batareyka"larni qayta ishlovchi kichik sexchaga uydan chiqqan eski "chugun"larni sottim. Sergelidan Qorasuvga kelib har bir qovurgʻasiga pul toʻlab olib ketyaptimi, demak bu xizmat sohasida ham tirikchilik qilsa boʻladi, lekin ogʻir albatta. Kamiga 5-etajdan 12 ta qovurgʻali chugunni tushirish azob.) Bogʻdodlik kolleksioner akaning ham tirikchiligi aynan eski batareykalarga qayta hayot berish ekan. Aka nafaqat batareykalarga, balki qishloq-u ovullarda xonadonlarda topilgan turli tarixiy buyumlarga ham umr beryapti ekan. Men bunday odamlarni koʻrishdan, eshitishdan, nima motiv bilan bu ishlarga jiranganlaridan juda zavqlanaman. Bilamanki, bu kabi insonlarda yurtimizda, butun dunyoda ham koʻp. Bittasi, uydan sal narida Sultoniya-Shoʻrtepa koʻchasida joylashgan "Qovoq muzeyi". Deyarli har kuni shu yoʻldan ishga borib kelaman. Doim diqqatimni tortgan. Va bir-ikki marta qiziqib qidirib ham koʻrganman, negadir shu vaqtga qadar kirmaganman. Yaqinda Gazetaʼda shu muzeydan reportaj tayyorlashibdi, juda ajoyib.
Nafaqadagi ikki oʻqituvchi tomonidan yaratilgan qovoqlar olami. Baʼzida hali oʻttizga kirmay turiboq nima qilayotganing, nega bu amallarni bajarayotganing haqida oʻylanib, fikr surib qolasan kishi. Nafaqa yoshida bilmadim, qanday savollarga duch boʻladi odam, bilmayman. Avvalroq koʻrgan edim, er-xotin nafaqadagi shifokorlar, Toshkent viloyatining qaysidir tumanidan joy olib, juda ajoyib bogʻ-u rogʻ yaratishgan edi. Oʻshalarga ham juda havasim kelgan edi.
Har togʻga dam olgani chiqib kelganda togʻlardagi asalari oilalarini koʻrib, oʻsha yoqlarga ham koʻchib ketgilarining keladi. Toza havo, tinch joy, goʻzal tabiat, qiziqarli tabiat bilan bogʻlangan ish.
Qaysidir jihatki, tabiat bilan uygʻun yashashga, tabiatga intilishga moyil, degan fikrni qayerdadir oʻqiganman. Va shuni isboti sifatida, har tabiat qoʻyniga yaqinlashganda odamning bahridili ochiladi. Oʻta chuqur dam oladi.
Dizayner yigit shahardagi shovqunli hayotini tark etib, oʻrmonzorda boshlagan Pchelosharing startapi kabi togʻda oʻtirib olib, Sharebee loyihamiz orqali shahardagilarga asalari sotarmiz. Lekin avvalo boshlash kerak.
Bu startap ham bizda amallasa boʻladi, bilaman, bozor tor. Lekin eski buyumlarga qayta jon bergan kabi klassik bizneslarga ham yangi biznes modellar orqali qayta jon berish kerak chamamda, har holda qoʻshimcha qiymat ortadi. Oʻzi asli klassik asalarichilik ham serdaromad kasblardan biri. Unga yangi biznes model tatbiq etsangiz, nur ustiga aʼlo nur boʻladi, albatta.
Hamma narsaga mehr bersangiz undan nimadir unadi, xoh biror loyiha boʻlsin, xoh biror kasb, xoh farzand. Asosiysi mehr, shunchaki mehr, yaʼni sevgi. Sevgi, ishq esa oson unavermaydi. Ha, shunaqa. Mehr, sevgi, ishq.
Avval ham yozganman qandaydir, oʻzimdan katta oʻtgan yoki yashayotgan avlodning oʻylash tarzi, fikrlari qiziq men uchun. Lekin oʻylanamanki, keyingi avlod uchun mening yoki atrofimdagi avlodning qarash va fikrlarining qiymati qanchalik boʻlar ekan. Shu jihatni oʻylab, bazan fikrlarni yozmayman yoki tizimlashtirolmayman. Tizimlashtirish yoki ichki senzuraga yoʻl qoʻymay yozishing qanchalik ahamiyatli oʻzi, shu qiziq menga.
Qandaydir, senzurasiz yozsang, oʻzingni ochiq maydonda hammaning koʻz oʻngida taftish qilsang, qalay boʻlarkin-a?! Menimcha, qiyin, juda qiyin. Odam omma oldida oʻzini taftish qilish tugul holi qolganda ham uzoq muddat taftishga berilishni xohlamaydi. Nega?! Aytishadiku, oʻzini ustidan oʻzi hazil qilib, kulolgan odam oʻz-oʻzini anglgan inson deb.
Iddallosi klaviaturani bosyapman, uyqum kelyapti, koʻz yumilib, ochilib yotibdi, ketish kerak. Tezgina uxlash kerak.
Bugun litseydoshlar bilan "Sokinsoy"da acchiq osh yeb qaytdik, metroda kech qaytdim, shunga C-Spaceʻga kirib, bir nimalar yozgim keldi, yozdim. Imloga tekshirmadim, keyinroq tekshirarman. Uyqu kelyapti, ketdim.
Uxlash mehrni, sevgini, ishqni joʻshqinlantiradi, joʻshqinlantirishiga ishonaman ham. Aslida ham shunday boʻlsa kerak, googlelab koʻrish kerak. Uyqu sabab erinyapman.