Nokiaʼdan Savodxon-u Tahrirchiʼgacha
Nimadir yozgim keldi, dabdurustdan. O‘zimni yozuvchi, shoirlardek "pari" bilan yuradigan odam deb bilmasam ham, shunday, yozgim keldi.
Blogni ochib qarasam, oxirgi 3 oydan buyon har oyning oxirgi kunlarida post yozayotgan ekanman, qiziq.
Avvallari, o‘-o‘sha 2014-2015 yillarda hali knopkali telefonlar zamonida "Nokia"ning qaysidir nol-nol modelida (Institutning 1-kurs vaqtim qaysi model ishlatganimni bilmayman, lekin litseyda Nokia 2600 ishlatgandim) Twitter’da ko‘p yozardim. U vaqti o‘zbek twitter muhiti ham boshqacharoq edi, nazarida. Asosan, tibbiy yo‘nalishda qisqa-qisqa "chug‘urlab" qo‘yardim. Balki hozir yozishga bo‘lgan xohish o‘shanda qolgan asoratdir. :)
Yuqorida aytganimdek, har oyning sarhisobini yozish istagi paydo bo‘lgandir. Umuman shunaqa, asosiysi yozyapman.
Bir muddat bo‘lganda o‘yladim, shu vaqtga qadar bo‘lgan muddatda mening tasarrufimdagi bir qancha saytlar ko‘plab ma’lumotlari, kontentlari bilan birga yo‘q bo‘ldi, shu sabab urazbaev.uz blogini ham o‘zim tomonidan olingan ijara server yoki hostinglarda emas, blogingga ixtisoslashgan yirik loyihalarda olib borishim kerak. Hozir Teletype’dan foydalanyapman, lekin xuddi kelajagi yo‘qdek nazarimda, shu sabab bilgan platformalarim, dzen va mediumni ko‘rdim. Ular ham kichikdek go‘yo. Ayniqsa, dzen’ga ishonch yo‘q. Bilmadim, qayergadir, umrbod saqlanadigan joy topishim kerak. Ha bilaman, web.archive.org bor, lekin u ham hamma sahifalarni saqlab qolmaydi-da. Ham hozircha, bizda bloklangan sayt.:)
Ba’zida o‘ylayman, balki ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar barqaror, umuman umrboqiydir. Bunga ham qarshi argumentim bor-da, o‘-o‘sha, knopkali telefonlar zamonida o‘zbekistonliklar orasida Odnoklassniki.ru tarmog‘i mashhur edi, kimdirlar u yerda qandaydir hisobini yuritdi, tarixga muhrladi, lekin u ham shakl va shamoyil jihatidan ancha o‘zgardi. Balki men yuritgan guruh va kanallar ham yo‘qolib ketgandir. Bir guruhim bo‘lardi, aforizmlar tashlab turardik, yaxshigina obro‘li edi. Erinmay, knopkalar bilan terib, aforizmlarni kitobdan ko‘chirib yozardim, albatta, mualliflari bilan. Ba’zi aforizmlar esimda ham qolgan, lekin guruh qayerda, qanday ahvolda bilmayman. Umuman, u yerda shaxsiyatim haqida hech narsa ham yo‘q edi.
Korporatsiyalarga tegishli bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritish yaratilgan kontentning uzoq yillar saqlanishining kafolatidir balki. Mayda-chuyda, platformalardan ko‘ra. Lekin 50-300 yildan keyin qanday texnologik o‘zgarishlar bo‘ladi-yu, bu yozganlarimiz toshga o‘yib yozilgan ilk belgilardek ko‘rinish berar, bilmaysan kishi. Lekin buning ham o‘z qizig‘i bor.
Hozirgi zamon va makonda imkoniyati mavjud bo‘lgan texnologik yechimlardan foydalanib, ul-bul qilaveraylik-chi, asosiysi undov. Ishlatsam-ishlatmasam, ChatGPT - 4o yoki Gemini’ning sahifasi ochiq turadi, ba’zi-ba’zida nimadirlar so‘rab turaman. ChatGPT bilan Iqtisodiyot institutining statistika, makro-, mikroiqtisodiyot, atrof-muhit, xulq-atvor iqtisodiyoti kabi fanlardan imtihon topshirib, qarzlar yopildi. Bu ham endi, anaqada. 😂
Shu soʻzning "prikol" maʼnosini qidirayotib, Savodxon.uz saytining sotilishga qoʻyilganligi haqidagi xabarga koʻzim tushdi.
Ehtimoldagi investorlar diqqatiga: Savodxon loyihasi sotiladi. Loyiha taxminan 200 million soʻm yillik aylanmaga ega, muallifning boshlangʻich narxi 500 million soʻm ekan.
Shu loyiha ham koʻz oldimda yetilib-yetilib, rivoj topdi. Bepul va kam funksional subdomendagi saytdan butun boshli monetizatsiyaning obuna modeliga asoslangan, shu yoʻnalishdagi yangidan-yangi loyihalarga zamin ochib bergan (lotin.uz, matn.uz, izoh.uz, tahrirchi.uz, tahrirlovchi.uz), zoʻr loyihaga aylandi. Mana loyiha muallifi sotishga ham qaror qilibdi, shu bosqichga ham kelishibdi. Men bundan juda ham xursandman. Muhim loyihani daromad keltiradigan, rivojlangan holga keltirish va uni yana yangi bosqichga chiqarish juda muhim. Bu loyiha avval boshidan pul qilishni rejalashtirmagan. Koʻp yil davomida oʻzim ham foydalanganman, ham bepul ham pulli versiyasidan. Menga pulli boʻlganidan keyin UI/UX jihatlari juda yaxshilangani yoqqan edi. Men oʻylaymanki, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar ham oʻzining monetizatsiya usuliga ega boʻlishi shart. Kichik va koʻlamsiz loyiha boʻlib qolgandan koʻra, ayrim monetizatsiya usullaridan foydalanib, yirik yoki oʻrta va ajoyib loyiha boʻlishga intilgan maʼqul.
Ijtimoiy loyihalar yoki startaplar uchun yaxshi biznes modelini freemium deb bilaman, baʼzi asos funksiyalar bepul, qoʻshimcha imkoniyatlar esa, pulli. Marhamat, pulli qism orqali tushgan daromad bilan loyihani sekin-asta rivojlantirish mumkin. (Oʻzi umuman, shu mavzuda, yaʻni startaplar, tadbirkorlik muhiti haqida kuzatuvlarim haqida yozib borsam ham boʻlarkan, chunki bu borada koʻp oʻylayman, odatda. Men ham endi chala tadbirkorda. :))
Indallosi, ijtimoiy-tadbirkorlik muhim narsa. Ayniqsa, biz kabi rivojlanayotgan davlatlar uchun oʻta muhim yoʻnalish, deb bilaman.
Ijtimoiy loyihalar haqida gap ketar ekan Obuna va GoodGroup loyihalari haqida gapirmay oʻtib ketib boʻlmaydi, juda qiziq va ajoyib loyihachalar.
Umuman bu yoʻnalishdagi yana bir yaxshi loyiha Tahrirchi, deb bilaman. Yigitlar bilan bir qancha tanlovlarda birga qatnashdik, gʻolib boʻldik, rivojlandik. Yaqindagina loyihaga yangi funksiya tarjimon yoki "Tilmoch" qoʻshishibdi, ayniqsa, qoraqalpoq tiliga tarjima qoʻshishgani juda yaxshi ish boʻlibdi. Va obuna narxlarini ham biroz oshiribdi. :) Menimcha, til imkoniyatlarini texnologiya bilan birlashtirib, ayniqsa sunʼiy intellektdan foydalangan holda rivojlanish ajoyib albatta.
Bu yoʻnalishdagi ilk standartlarni, yaʼni marrani Savodxon qoʻyib bergan. Bu yoʻnalishda mavjud boʻlish uchun sen Savodxondan yaxshiroq boʻlishing kerak edi. Va bir nechtasi urinib koʻrdi, lekin Tahrirchiʼgina undan yaxshiroq taklif bera oldi xolos. Hamda bu ildamlikni davom ettirmoqda. Endigi planka esa, Tahrirchiʼda. Agar bu yoʻnalishga aralashmoqchi boʻlsang, undan ham zoʻrroq taklif bilan chiqishing kerak. Bu jarayon hamma sohada, hamma yoʻnalishda birdek ishlaydi, deb oʻylayman, albatta istisnolar bilan.
Umuman olganda, koʻp narsalar yozmoqchi edim, oʻylagan matnlarim ham boshqacha edi. Lekin Savodxonʼning sotilishi haqidagi eʼlonni koʻrganimdan keyin miyadagi fikrlar bu tomonga burildi. Rost, men oʻzbekistonliklarning ham loyihalari milliy yoki xalqaro darajadagi ommabop loyihaga aylanib, katta-katta savdolar boʻlishini, yirik loyihalarga qoʻshilishini istayman. Bu yoʻnalishdagi har qanday xabar meni xursand qiladi.
Javlon akaning savdosini bersin, Savodxon baland narxlarga, akadan ham jonkuyar odamlarga sotilsin, Tahrirchi rivojlansin, xalqaro darajaga chiqsin, hamma-hammaning ishiga rivoj bersin, loyihalari gullab yashnasin, shu jumladan oʻzimizning kichkintoylar ham. 😁