Xotiralar haqida qisqacha...
Ba’zi-ba’zida moziyga, ortga qarab yangi qarorlar qabul qilish, fikrlash to‘g‘ri, deb o‘ylayman.
Ba’zida oilaning yillar davomida qay tarzda o‘sib yoki ortga tisarilib yo‘nalish olganligini ko‘rib, uning sabab va oqibatlarini tahlil qilib, xulosa qilish ham maqsadga muvofiq.
Masalan, menni oiladagi shaxslarning, masalan, ikkala bobom va ikkala momomning ham turli yosh hamda davrlarda qanday fikrlagani, qanday mulohaza qilgani oʻta qiziqtiradi. Shu jumladan ota-onamning ham.
Bilmadim, shunchaki qaydlari, xotiralari qiziq.
Yoshligimda koʻp albomlar titardim, seyfdagi hujjatlarni ham "axlatga tashlanish" uchun hisobdan chiqarilgan "jinoyatchilar delolarini" ham erinmay oʻqib, "titib chiqardim". Baʻzi "delo"lardagi odamlarning rasmi yoqmasdi.
Albomlar - alohida mavzu. Ayniqsa, dadamning Leningraddagi armiya davrida tushgan rasmlari juda qiziq edi. Ermak qilib, qayta-qayta koʻrardim. Albom jildlari orasiga chizilgan karikaturalar ham ja ajoyib edi. Deyarli, meni nazarimda har ikkidan bir rasm turli millat qizlari bilan tushilgan rasmlar. Oʻzimcha, nanamni rashk ham qilardim. Gʻazablanib. :)
(Hozir hayolimga kelib qoldi, albatta, oʻsha rasmlarni elektornlashtirib, shu blogga joylash kerak. Xotirada.)
Negadir, dadamning ham aynan shu davr suratlari bisyor. Keyin ahyon-ahyon toʻy, tugʻilgan kunlarda tushilgan suratlar. Nanamda ham shunday.
Albomlar, avval (20-asr 50-yildan keyin yoki 21-asr 10-yillarigacha) xotiralar asosan suratlar, albomlarda qolgandek. Ayni zamonlarda esa, smartfonlar xotiralarni saqlashda asosiy qurol. Va shu kabi bloglar, Youtube kabi videoagregatorlar.
Bir zamon, 2014-yil, ToshPTI 1-kurs vaqti, 2-talabalar yotoqxonasida ham kundalik tutishni boshlagan edim. Kundalikki, faqat kunlik jarayonlar haqida emas, umum ijtimoiy, miyadagi oʻy-fikrlar haqida edi. Oʻshanda kundalik tutayotganimni bilgan xonadoshim Elmurod aka (Saidov) "Kundalikka fikr yoz, faqat kunlik jarayonlarni yozsang, tez zerikib qolasan" degandi. Va shu zayl biror yil davom ettirdim. Yaxshi fikrlar yozilgan, oʻsha makon va zamon uchun mos, deylik. (Uni ham raqamlashtirib qoʻyish kerak ekan.)
Oradan taxminan yana 10 yil oʻtib "kundalik" yuritishni boshlayapman. Xotira boʻlsin deb. Bunday kundalikka nimanidir yozganimni qayta oʻqisam, oʻsha vaqt, holatlar toʻliqligicha gavdalanadi. Aynan shu sabab ham zamonaviy kundalik, yaʻni blog yuritishni boshladim. Ha, aynan asos xotira.
Xotira qolsin deyman. Erta eslagulik...
Hozir ham Urazbay bobomning juda koʻp mavzudagi, kartoshkani qanday ekishdan tortib, asosiy siyosiy-ijtimoiy oʻzgarishlargacha boʻlgan gazeta qirqimlarini, Joʻraqul bobomning fizika-matematika kitoblarini, ensiklopediyalarini, boʻlajak abituriyentlarga dars berishlarini eslayman. Balki 18, 25, 32, 41, 50, 65 va boshqa yoshlarda yozgan kundaliklari rost qiziq edi. Ha yana esladim, Joʻraqul bobom oʻlimidan keyin uyda 12 varoqli daftar topildi, unda barcha nevaralar, chevaralar ismi yozilgan ekan. Va bu ham bir xotira endi.
Aynan oʻta shaxsiy blog formati maʻqul nazarimda. Bu davrgacha ham turli resurslarda raqamli xotiralar qoldirganman. Odnoklassniki (OK), Mail.Agent, Ucoz (Konimex.ucoz.com (Mahalliy darajadagi eng yorqin vatanparvarlik yaratigʻim)), Muloqot.uz, Twitter, Facebookʻda va boshqalarda. Xotiralar ham asosan saytlarga trafik jalb qilish yoki SEO bahosini oshirish uchun qoʻllanilgan. Odnoklassnikida oʻsmirlik davrim, oʻoʻoʻoʻ-oʻ oʻsha Qorakoʻl tomonlarda "Aforizmlar" yoziladigan guruhlar ochgan edim. Uni yurgʻizar edim. Menimcha, ITʻga (Hozir IT trendda, balki yillar oʻtib AKT deb ishlatilar, balki boshqacha, tilchilar orasida muhokamalar bor har holda) nisbatan qiziqish aynan shu paytlar boshlangan.
Shunaqa. Qiziq paytlar albatta xotira sifatida muhrlanish kerak. Mening miyamdan ham tashqariga chiqish kerak, nazarimda.
E, tinchgina oʻtirib ishingni qilsang boʻlmaydimi-a, deb bahona ham toparman, oʻz oʻzimga, lekin boshqa sabablar bu bahonani yengishiga ishonaman.
Endi esa, uyga borish kerak. Muxlisa, ovqat tayyorlabdi - chuchvara. Qatiq olib borishimni soʻradi. Soat 19:45. 21-asrning 24-yili 18-aprel. Men C-Space kovorking markazida HP notebookida bugunning oxirgi harflarini teryapman. (Oʻziyam tosh davridagi odamning gʻorlarga chizib ketgan suratlaridek boʻldiya oxirgi jumlalarim. Balki kelajak avlod bir ortga tisarilib, qayta uchqunlanar, bilmaymizku. Balki bu yozuvlar qaysidir tadqiqotchi uchun materail boʻlar. 😁 Balki oʻta-oʻta rivojlanib, bu yozuvlar sahrodagi qum zarrasidan ham kichik, kichik qiymat hosil qilar, bilmaymizku.
Biz xotira yarataveraylikchi...)
Google Photo 1 yil oldingi suratlardagi xotirani taqdim qilyapti. GooglePhotoʻning shu funksiyasi rosa yoqadi.
Ha bu rasm Toshkentdagi kam sonli yashil maydonlardan biri "Botanika bogʻi"da tushirilgan ekan. (Men ham oʻzimcha fotografman-da endi. :))
Keyinroq balki oʻsha fotoapparatda tushurgan gulimning rasmini ham joylarman, blogga.
Endi rosttan ketish kerak. Sogʻindim.