Mansur
July 24

Kun, hafta, oy, yil va yana kun...

Roppa-rosa 9 oy oldin eng oxirgi postimni yozgan ekanman, vaqt ham "zu-uuv" etib, tez oʻtayotgandek, ayniqsa, eʻtibor bermasang shunday.

Bugun bir bemor keldi, 11-12 kun oldin 10 kunlik muolaja yozib bergan ekanman, lekin u bemorni xuddi 2-3 kun oldin koʻrgandek boʻldim. 10 kun 2-3 kun ichiga sigʻib oʻtib ketgandek tuyildi menga.

Blogga ham vaqti-vaqti bilan kirib turaman-u, lekin yozishga hech qunt boʻlmayotgan edi. Bugun ekan nasibasi, yozaqolay. Yozaman desang, mavzu topiladiku doim toʻgʻrimi?!

Albatta blog shaxsiy boʻlganidan soʻng hayotimdan, koʻrgan-kechirganlarimdan hikoya qilaman. Shu sabab, tarixni eslayin deb Google Photoni titkilab chiqdim, nima rasmlar tushirganman-u, qanday videolar olganman va qay manzillarda. Doimgidek, asosiy mavzu, qizim - Samira. Uning yangi hatti-harakatlari-yu, jimjimador mimikasi gallereyamni bezab turibdi. Hozir u Shoʻrtepada. Bir-ikki videoqoʻgʻiroq bilan bogʻlandim, bir-birimizni koʻrib, xursandchiligimizdan har xil oʻyinlar oʻynadik, kamera orqali bir-birimizni "xap-xap-xap" qilib, yeb qoʻydik ham. 😊

Shuncha davrda Samira oʻsdi, semirdi, ozdi, boʻyi choʻzildi, yurdi, yugurdi, ingilladi, gapirishni boshlayapti. Umuman olganda, rivojlanyapti. Ha, doʻstlar bolalar rivojlanishi tez, oʻrganishi tez, progressiv.

Blogning mana shu xat boshini 24.07 sanasida yozib boshladim. Nimadir boʻldiyu yoza olmadim, nimagadir chalgʻidim balki. Umuman olganda vaqt zuvvillab oʻtib bormoqda.

Hozir umuman oʻzim eslagan voqeliklarni yoza qolaman. Keyin yana oy yoki hafta, balki kun sayin davom ettirarman.

Hayot naqadar kutilmagan baxtli va baxtsiz hodisalar ustiga qurilgani koʻp oʻylantiradi.
Kecha akamning nurobodlik Sanjar (Togʻa) kursdoshi vafot etibdi, aytishicha tok urib olamdan oʻtibdi, shoʻrlik. Roppa-rosa 1 yil oldin Nurobodda aka bizni mehmon qilgandi, juda-juda hazilkash, sodda odam edi, oxirati obod boʻlsin! Juda qaygʻuli.

Oʻtgan yili mana bu postda Nurobodga sayohat haqida yozgan ekanman.

Sharshara, tugʻilgan kun, Qaynarbuloq va ufq

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi, Ko‘zlarimg‘a kecha tong otguncha uyqu kelmadi.

Yana nima gaplar: Bilmayman, umumiy dunyo juda notincha. Bir qarasang, sharqda, bir qarasang gʻarbda, bir uygʻonib tursang shimolda-yu janubda urush. Ayni kunlarda har taraf muzokaralarga yaqinlashyapti, lekin hali katta urushlar oldinda, deyayotgan siyosiy tahlilchilar ham yoʻq emas. Yashayversak koʻraveramizda. Nima boʻlsa ham asosiysi dunyo tinch boʻlsin!

Oilada hammasi tinch, hamma salomat.

Startap bozorda - bozor qaynoq - Express24, Blizz, Click startaplari sotildi. Bu oʻzbek startap bozori uchun juda-juda muhim voqelik.

Hozircha shu yerda tugatay, yana batafsil har voqeliklar va hodisalar haqida yozarman.